Juma — milliy liboslar kuni!
Toshkent gumanitar fanlar universitetining To‘rtko‘l kampusida ham har juma an’anaviy tarzda “Milliy liboslar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Ushbu tashabbus talaba-yoshlar qalbida milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat va e’zoz tuyg‘usini yuksaltirish, asriy urf-odatlarimizni asrab-avaylash hamda boy madaniy merosimizni keng targ‘ib etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Har hafta oxirida universitet binosi o‘zgacha tarovatga burkanib, bayramona kayfiyat kasb etadi.
Dars mashg‘ulotlarida milliy liboslarda ishtirok etayotgan talabalarimiz o‘zlarining go‘zal va betakror qiyofalari bilan barchaning e’tiborini tortmoqda. Atlas va adraslarning jozibali jilosi, do‘ppi va milliy liboslarimizning go‘zalligi xalqimizning ko‘hna tarixi, yuksak ma’naviyati va boy madaniyatini o‘zida yaqqol aks ettiradi.
Bunday tadbirlar nafaqat talaba-yoshlarning estetik didini shakllantiradi, balki ularda milliy o‘zlikni anglash va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Universitetimizning barcha faol va tashabbuskor yoshlariga milliy qadriyatlarimizni e'zozlashdagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildiramiz!
ТАШКЕНТСКИЙ ГУМАНИТАРНЫЙ УНИВЕРСИТЕТ