TGFU VA CHANG’AN UNIVERSITETI HAMKORLIGI YANGI BOSQICHGA KO‘TARILDI
Joriy yilning 24-oktyabr kuni Toshkent gumanitar fanlar universiteti ta’sischisi J.S. Saburov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasidagi ishonchli hamkorlardan biri — Chang’an universitetiga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi strategik sheriklik darajasiga olib chiqish masalalari yuzasidan muhim muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda uch yillik hamkorlik davomida erishilgan natijalar sarhisob qilinib, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasidagi yutuqlar alohida e’tirof etildi.
Muzokaralar davomida Chang’an universiteti Xalqaro ta’lim instituti dekani janob Zhang Vey TGFU delegatsiyasini samimiy qutlab, mazkur tashrif ikki oliygoh o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda akademik almashinuv ko‘lamini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur hamkorlik Toshkent gumanitar fanlar universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun xalqaro tajriba almashish, zamonaviy bilimlarni egallash hamda jahon ta’lim standartlariga mos imkoniyatlardan foydalanishda yangi istiqbollarni ochadi.
TASHKENT UNIVERSITY OF HUMANITIES.jpg&w=3840&q=75)